O‘zbekistonda ipoteka omonatlari joriy etiladi

O‘zbekistonda ipoteka omonatlari joriy etiladi

O‘zbekistonda fuqarolarga uy-joy sotib olishda dastlabki badalni jamg‘arishga yordam beradigan ipoteka omonatlari tizimi tajriba tariqasida joriy etilad

Bu tartib prezidentning aholini uy-joy bilan ta’minlashni jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etishga qaratilgan farmoni (PF-29) bilan belgilangan.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha ipoteka omonatlari mexanizmi tajriba-sinov tariqasida amal qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratilishi haqida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar banklarda ixtiyoriy ravishda maxsus ipoteka omonatini ochishi mumkin. Omonatdagi mablag‘ miqdori ipoteka krediti uchun zarur bo‘lgan dastlabki badalning fuqaro zimmasiga to‘g‘ri keladigan qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Ushbu mablag‘lar omonatda 12 oygacha saqlanishi mumkin.
Mazkur omonatni shakllantirgan fuqarolarga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari tijorat banklari buyurtmasi asosida omonatga oldindan o‘tkazib beriladi. Bank esa omonatda saqlanayotgan mablag‘larga bozor stavkasi bo‘yicha foiz hisoblaydi.
Keyinchalik jamg‘arilgan mablag‘lar va hisoblangan foizlar ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Agar omonat muddati davomida fuqaro ipoteka krediti orqali uy-joy sotib olmasa, bank omonatdagi mablag‘larga foiz hisoblab beradi. Shundan so‘ng pul mablag‘lari foizlari bilan birga tegishli tartibda fuqaro va davlat budjetiga qaytariladi.
Shuningdek, ipoteka krediti rasmiylashtirilgandan so‘ng davlat kredit bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini ham qoplab beradi. Bunda dastlabki besh yil davomida Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan qismi uchun subsidiya ajratiladi.
O‘zbekistonda ipoteka omonatlari joriy etiladi | 12news