O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatlari qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi

Tarif rejasini o‘zgartirish bepul bo'ladi. Shuningdek, abonent raqamini bir yilgacha to‘lovsiz saqlab qolishi mumkin - telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan bir qator yangiliklar belgilandi.
Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahririni davlat ro‘yxatidano‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, hujjat telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda quyidagi asosiy o‘zgarishlar nazarda tutilgan:
- abonent shaxsiy hisobida mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, mobil aloqa operatori bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish, ya’ni telefon raqamini «mavjud bo‘lmagan» holatga o‘tkazish muddati 2 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi;
- abonentlarga amaldagi tarif rejasini boshqa istalgan tarif rejasi bilan bepul almashtirish huquqi beriladi (maxsus va hududiy tariflar bundan mustasno);
- tarif rejalarining shartlari o‘zgartirilgan taqdirda, mobil aloqa operatorlari abonentlarni kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy veb-saytlar yoki SMS-xabarnomalar orqali xabardor qilishi majburiy etib belgilandi;
- xizmat ko‘rsatish ofisiga borish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga chiqib xizmat ko‘rsatish hamda olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda sayyor mobil aloqa xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi;
- tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmatlar uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga, ya’ni qarzdorlik holatiga olib kelish taqiqlanadi;
- Prezident virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati joriy etiladi;
- mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini boshqa operatorga ko‘chirish muddati qisqartirilib, bu jarayon 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi;
- pullik qo‘shimcha va kontent xizmatlariga obuna bo‘lish faqat mobil ilovalar yoki USSD-kodlar orqali amalga oshiriladi, abonent roziligisiz xizmatlarni avtomatik ulashga yoki bepul xizmatlarni keyinchalik pullik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, barcha pullik kontent xizmatlari dastlab nofaol holatda bo‘lishi shart.
Qayd etilishicha, mazkur qoidalar hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 27-apreldan kuchga kiradi.

