O‘zbekistonda Ramazon 19-fevraldan boshlanadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qilishicha, 2026-yilda Ramazon oyining birinchi kuni 19-fevralga to‘g‘ri keladi. 18-fevral esa hijriy 1447-yil Sha’bon oyining 30-kuni hisoblanadi.
Idora xabariga ko‘ra, 17-fevral kuni Fatvo markazi ulamolari Ramazon oyi hiloli ko‘rinmaganini bildirgan. Bu xulosa Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti ma’lumotlari bilan ham tasdiqlangan.
Shu sababli O‘zbekistonda Ramazon 19-fevral, payshanba kunidan boshlanadi.
Aksar musulmon davlatlari ham Ramazonning birinchi kuni sifatida 19-fevralni e’lon qilgan. Ular orasida Misr, Iordaniya, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Indoneziya, Bruney, O‘mon, Singapur, Avstraliya, Yaponiya, Pokiston, Hindiston, Malayziya va Janubiy Koreya bor. Yevropa fatvo va tadqiqotlar kengashi ham shu sanani tasdiqlagan.
Avvalroq Saudiya Arabistoni 18-fevralni Ramazon oyining birinchi kuni deb e’lon qilgan edi.
Prezident qaroriga ko‘ra, bu yil Ramazon “Mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida o‘tkaziladi. Shuningdek, Ramazon taqvimi, zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorlari ham e’lon qilingan.