O‘zbekistonda tibbiyot OTMlarida super-kontrakt bekor qilinishi mumkin

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot OTMlarida “davolash ishi” va “pediatriya ishi” yo‘nalishlari negizida 5+1 shaklidagi 6 yillik “umumiy tibbiyot” ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi.
O‘zbekistondagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida oshirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) asosida qabulni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida ma’lum qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot OTMlarida “davolash ishi” va “pediatriya ishi” yo‘nalishlari negizida 5+1 shaklidagi 6 yillik “umumiy tibbiyot” ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi. Mazkur yo‘nalish bitiruvchilari oilaviy shifokor mutaxassisligiga ega bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, hozirda “davolash ishi” va “pediatriya ishi”da tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv jarayonlari yangilangan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimga muvofiq, bakalavriat bitiruvchi kurs talabalari bir o‘quv yili davomida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida amaliyot o‘tashi rejalashtirilmoqda. Stomatologiya yo‘nalishida esa amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish maqsadida tibbiyot OTMlariga stomatologik poliklinikalar biriktirib beriladi.
Qaror loyihasida yana bir muhim o‘zgarish — bakalavriat yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish tartibini bekor qilish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, bakalavriat, rezidentura va magistratura bosqichlarida har bir o‘quv modulini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlari uchun minimal o‘tish ballari belgilanmoqda. Unga ko‘ra, shifokor mutaxassisliklari uchun 70 foiz, o‘rta tibbiy xodimlar uchun esa 60 foiz minimal ko‘rsatkich sifatida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, aholida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha ajratilgan o‘quv kredit soatlarini ko‘paytirish ham nazarda tutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasida.