O‘zbekistonda yer ijarasi muddati 49 yil etib belgilanishi mumkin

O‘zbekistonda yer resurslaridan samarali foydalanishni oshirishga qaratilgan yangi takliflar ilgari surildi. Unga ko‘ra, barcha turdagi yer uchastkalarini ijaraga berish muddati yagona tartib asosida 49 yil etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu yondashuv yer munosabatlarini yanada tartibga solish va investorlar uchun barqaror sharoit yaratishga qaratilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tizimida ham muhim o‘zgarishlar nazarda tutilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha auksionlarda faqat mahalliy dehqonlar va tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Xorijiy investorlar esa bunday yerlarni bevosita auksion orqali emas, balki maxsus shartlar asosida olish imkoniga ega bo‘ladi.
Jumladan, xorijiy investorlar uchun yerlar viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, kamida 10 million dollar miqdoridagi investitsiya loyihalari doirasida ajratiladi. Bunda ular asosan yaylov, lalmi va foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish sharti bilan ikkilamchi ijara asosida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, strategik ahamiyatga ega yerlar — mudofaa, chegara hududlari, tarixiy-madaniy obyektlar hamda o‘rmon fondi yerlari faqat O‘zbekiston fuqarolariga berilishi belgilanishi kutilmoqda.
Hozirda mamlakat bo‘yicha qariyb 100 ming gektar yerning ijara muddati tugagan. Shu munosabat bilan tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, mavjud ijarani uzaytirishning soddalashtirilgan va shaffof mexanizmini joriy etishni taklif qilmoqda.
Yangi tizimda ijara muddatini uzaytirish jarayonlarini davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, tegishli idoralar — kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish rejalashtirilgan. E’tirozlar bo‘lmagan taqdirda, qishloq xo‘jaligi yerlari uchun ijara muddati 30 yilgacha, boshqa toifadagi yerlar uchun esa 49 yilgacha uzaytiriladi.
Biroq soliq yoki ijara to‘lovlaridan qarzdorlik, sud nizolari yoki noqonuniy qurilish holatlari aniqlangan taqdirda, ijara shartnomasi uzaytirilmasligi qat’iy belgilanishi kutilmoqda.