Pirotexnika vositalariga jarimalar qanchaga oshiriladi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni «Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Mazkur qonun 2025 yil 29 iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 1 noyabrda esa Senat tomonidan ma’qullangan.
Qonunda pirotexnika buyumlari pirotexnik tarkibni yoqish yoki portlatish orqali optik, akustik va boshqa effektlar hosil qiluvchi qurilmalar sifatida ta’riflanadi. Ular xavf darajasi va atrofdagilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarariga qarab I dan V gacha bo‘lgan besh sinfga ajratiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jismoniy va yuridik shaxslarga faqat I xavf sinfiga mansub pirotexnikani ishlab chiqarish, olib kirish, sotish, saqlash va undan foydalanishga ruxsat etiladi. Yuqori xavf sinfidagi pirotexnika buyumlarining fuqarolik muomalasi taqiqlanadi.
Shu bilan birga, ayrim istisnolar ham belgilangan. Xususan, II va undan yuqori sinfdagi pirotexnika buyumlarini davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari ishlab chiqarishi va foydalanishi mumkin. II–V sinfdagi pirotexnika mudofaa va sanoat ehtiyojlari uchun, III–V sinfdagilari esa Mudofaa vazirligi tomonidan ommaviy tadbirlarda salyutlar tashkil etish uchun qo‘llanishiga ruxsat etiladi.
Sanoatda III–V xavf sinfidagi pirotexnikadan foydalanmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar portlovchi va zaharli moddalar muomalasi bo‘yicha litsenziya olishi shart. II sinf pirotexnikani olib kirish va ishlatish esa litsenziyasiz amalga oshiriladi.
Qonun bilan pirotexnikadan noqonuniy foydalanish uchun javobgarlik ham kuchaytirildi. Endilikda bunday holatlar uchun 15–25 BHM (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) miqdorida jarima solinadi va huquqbuzarlik ashyosi musodara qilinadi. Avval jarimalar 5–20 BHMni tashkil etgan.
Qonun 2026 yil 14 apreldan kuchga kiradi.

