Qiyin ahvoldagi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

Shavkat Mirziyoyev moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni ko‘rib chiqdi. Endilikda muammoga duch kelgan bizneslarga kredit va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi
Kredit to‘lovlari kechiktiriladi
Yangi tizimga ko‘ra:
- bank kreditlari bo‘yicha asosiy qarz va foizlar vaqtincha to‘xtatib turiladi;
- bu muddat korxona moliyaviy tiklanmaguncha davom etadi (sanatsiya davri);
- qarzlar keyinchalik, 3 yil ichida bosqichma-bosqich qaytariladi;
- qarzdorlikni qayta tuzish (restrukturizatsiya) imkoniyati yaratiladi.
Soliq bo‘yicha ham yengilliklar
Tadbirkorlar uchun:
- ayrim soliqlarni kechiktirib to‘lash,
- yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Bu qarorlarni mahalliy kengashlar yoki soliq organlari (garov yoki kafolat asosida) qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Korxonalarni “sog‘lomlashtirish” choralari
Davlat korxonalarni yopib yuborish o‘rniga ularni tiklashga yordam beradi. Buning uchun:
- kreditorlar bilan kelishuv,
- qo‘shimcha moliyaviy yordam jalb qilish,
- qarzlarni qayta ko‘rib chiqish,
- faoliyatni o‘zgartirish yoki qayta tashkil etish,
- xodimlarni qayta tayyorlash
kabi choralar qo‘llaniladi.
Yangi elektron platforma ishga tushiriladi
To‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini soddalashtirish uchun maxsus onlayn tizim yaratiladi. Unda:
- qarzdor korxonalar ro‘yxati,
- sanatsiya qilinayotgan bizneslar,
- sud boshqaruvchilari haqida ma’lumotlar bo‘ladi.
Barcha jarayonlar (ariza topshirishdan tortib yakuniy qarorgacha) elektron shaklda amalga oshiriladi. Tizim ochiq bo‘lib, jamoatchilik ham undan foydalanishi mumkin.