Shinhan Bank O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda: sho‘ba bank 2027-yilda ishga tushishi mumkin

Janubiy Koreyaning Shinhan Bank O‘zbekistonda sho‘ba bank ochishni rejalashtirmoqda. Moliya bozori manbalariga ko‘ra, bank bu boradagi ichki qarorini deyarli yakunlagan va 2026-yilning birinchi yarmida mahalliy regulyatorga rasmiy ariza topshirishi kutilmoqda.
Xabar qilinishicha, loyiha bo‘yicha asosiy tayyorgarlik ishlari allaqachon yakunlangan hamda jarayon “mahalliy tartibga soluvchi organlar” bilan kelishilgan. Agar reja asosida ish olib borilsa, Shinhan Bankning O‘zbekistondagi yangi sho‘ba banki 2027-yildayoq to‘laqonli faoliyat boshlashi mumkin.
Bu tashabbus Shinhan Financial Group uchun xorijdagi kengayish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Guruh rahbariyati xalqaro bozorlarni kelajakdagi o‘sishning asosiy drayveri sifatida ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shinhan Bank 2009-yilda O‘zbekistonda vakolatxona ochgan, 2024-yilda esa bank vakillari mamlakatga tashrif buyurib, mahalliy moliya organlari bilan muzokaralarni boshlagan edi. 2025-yil fevral oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan davlat banklarini xususiylashtirish masalalari ham muhokama qilingan.
Hozirda Markaziy bank reyestriga ko‘ra, O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bank vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga tegishli bo‘lib, yangi sho‘ba bank ochilishi mamlakat moliya bozorida raqobatni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.