Sifatsiz qurilish va kechikkan topshirishlar uchun fuqarolarga 24,4 mlrd so‘m qaytarildi

2025-yil hamda 2026-yilning dastlabki ikki oyi davomida ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fuqarolardan 2 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 2 057 ta murojaatning asosiy qismi 2025-yilga to‘g‘ri keladi. Ushbu murojaatlarda eng ko‘p uchragan muammolar quyidagilar bo‘lgan:
- 33,8% holatda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan;
- 33,1% holatda uylar belgilangan muddatda topshirilmagan;
- 13,5% holatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilgan;
- qolgan holatlar boshqa qurilish bilan bog‘liq muammolarni tashkil etadi.
2026-yilning yanvar–fevral oylarida esa bu borada yana 350 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda ham shunga o‘xshash muammolar qayd etilgan.
Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 74 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilib, fuqarolar foydasiga jami 24,4 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Xususan, Surxondaryolik fuqaro Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish uchun qariyb 1,4 milliard so‘m to‘lagan. Biroq quruvchi kompaniya uy-joyni o‘z vaqtida topshirmagan va qurilish sifatsiz bajarilgan. Natijada fuqaroga to‘langan mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Raqobat qo‘mitasi ushbu yo‘nalishda ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.