Sirdaryoda Telegram orqali yuborilgan .apk fayl ochgan fuqaroning 55 mln so‘mini o’g’irlashdi

Sirdaryo viloyatida yirik kiberfiribgarlik holati aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Telegram messenjeri orqali noma’lum shaxslar yuborgan .apk kengaytmali faylni ochgan. Natijada zararli dastur uning mobil qurilmasiga o‘rnatilib, jinoyatchilar fuqaroning bank hisoblariga noqonuniy tarzda kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Oqibatda jabrlanuvchi 55 million so‘mdan ortiq mablag‘ini yo‘qotgan.
Holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchilar aniqlangan. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs ekani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zarur protsessual choralar ko‘rilmoqda.

