Sovuq havo sabab metan zapravkalar vaqtincha yopiladi

Sovuq havo sabab metan zapravkalar vaqtincha yopiladi

4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 ga qadar metan zapravkalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

O‘zbekistonda havo haroratining keskin pasayishi fonida metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi. Bu haqda Energetika vazirligixabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 ga qadar metan zapravkalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Vazirlik izohiga ko‘ra, mamlakat hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab keskin ortgan. Avvalo, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz gaz bilan ta’minlash maqsadida gaz taqsimoti tizimida qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori iste’mol tufayli magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi kuzatilayotgani qayd etildi. Natijada gaz ta’minotining barqarorligini saqlab qolish maqsadida metan gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanmoqda.
Energetika vazirligi ushbu choralar vaqtinchalik ekanini, gaz tizimidagi bosim me’yoriy holatga qaytgach, metan zapravkalar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishini bildirdi.
Shuningdek, fuqarolardan sovuq kunlarda energiya resurslaridan oqilona foydalanish so‘ralgan.
Sovuq havo sabab metan zapravkalar vaqtincha yopiladi | 12news