Surxondaryoda issiqxona mahsuloti Toshkentga nisbatan 2,5 baravar arzon

O‘zbekistonida issiqxona mahsulotlarining tannarkhi hududga ko‘ra sezilarli darajada farq qiladi. Surxondaryoda issiqxona yuritish xarajatlari Toshkentdan qariyb 2,5 baravar arzon tushadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, issiqxona samaradorligi va mahsulot tannarxi asosan uch omilga bog‘liq: quyosh nurlanishi (insolyatsiya), tashqi harorat va isitishga ketadigan energiya. Qish oylarida tashqi harorat past bo‘lgan hududlarda issiqxonani optimal 18–22°C darajada ushlab turish uchun qo‘shimcha energiya sarflanadi.
Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat +6°C, Surxondaryoda esa +10,8°C. Bu harorat farqi isitish xarajatlariga sezilarli ta’sir qiladi. Natijada, 1 tonna mahsulot tannarxi Toshkentda 11,9 mln so‘m, Surxondaryoda esa 4,9 mln so‘mga tushadi.
Surxondaryoda, ayniqsa Termiz va Sherobod hududlari, respublikadagi eng yuqori insolyatsiyaga ega. Bu fotosintez jarayonini faollashtiradi, sun’iy yoritiishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va mahsulot hosildorligini oshiradi. Shuningdek, qishning nisbatan yumshoq o‘tishi issiqxonalardagi yuklamani pasaytiradi va ishlab chiqarishni uzluksiz ta’minlaydi.
Sherobodda rejalashtirilayotgan 940 gektarli agropark aynan yuqori insolyatsiya va qulay iqlimga ega hududda joylashgan. Loyiha issiqxona mahsulotlari tannarxini sezilarli darajada kamaytiradi, ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlaydi va eksport salohiyatini oshiradi.
Agroklimatik resurslardan oqilona foydalanish orqali qishloq xo‘jaligida xarajatlarni kamaytirish, hosildorlikni oshirish va raqobatbardosh mahsulot yetishtirish mumkinligi Surxondaryo misolida yaqqol ko‘rinadi.