“Tashabbusli budjet”ning 2026-yilgi birinchi mavsumi 1-fevraldan boshlanadi

Ovoz berish bosqichi esa 11-martdan ochiladi. Mavsum g‘oliblari 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.
O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet”ning 2026-yilgi birinchi mavsumi 1-fevraldan boshlanadi. Ovoz berish bosqichi esa 11-martdan ochiladi. Mavsum g‘oliblari 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, jarayon 1-fevraldan 31-martgacha davom etadi. Bu mavsum “Tashabbusli budjet”ning o‘ninchi — yubiley mavsumi hisoblanadi.
Jarayon quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
- 1–20-fevral — loyihalarni kiritish;
- 21-fevral – 7-mart — loyihalarni saralash;
- 8–10-mart — targ‘ibot bosqichi;
- 11–20-mart — ovoz berish bosqichi;
- 21–31-mart — qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish.
So‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, loyihalar keyingi bosqichga o‘tishi uchun kamida 50 ta ovoz to‘plashi shart. Shuningdek, jihozlash loyihalari qiymati cheklangan, qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash va sheriklik asosidagi moliyalashtirish tartibi belgilangan.
2026-yilda dasturga jami 6 trillion so‘m ajratiladi. Shundan:
- 496 mlrd so‘m — deputatlik tashabbuslari loyihalarini amalga oshirishga;
- 506 mlrd so‘m — aholi va davlatning sheriklik asosidagi loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Prezident qarori bilan har mavsum g‘olib bo‘lmagan ikki loyiha (har deputatdan bittadan) deputat tashabbusi bilan g‘olib deb e’lon qilinadi. Shu maqsadda har bir deputatga 3,3 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, endi ayrim loyihalar aholi va davlatning sheriklik asosida moliyalashtiriladi: agar aholi loyihaning 50% qiymatini ixtiyoriy mablag‘ bilan qoplagan bo‘lsa, loyiha g‘olib deb topiladi, qolgan 50% esa respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

