Toshkent va Nurafshon o‘rtasida tezyurar BRT tizimi ishga tushadi — yo‘l 2 baravar tezlashadi

Toshkent va Nurafshon shaharlari o‘rtasida BRT (Bus Rapid Transit) tizimi qurilishi loyihasi tasdiqlandi. Qiymati qariyb 120 million dollar bo‘lgan loyiha 2028-yil oxirida poytaxtni viloyat markazi bilan bog‘laydigan tezyurar avtobus qatnovlarini ishga tushirishni nazarda tutadi.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi Nurafshon — Bektemir yo‘nalishida tezyurar avtobus tashuvlari uchun BRT tizimini joriy etish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini tasdiqladi. Qarorda hozirgi transport infratuzilmasi kundalik talab va yuklamaga javob bermayotgani qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda transport oqimining 92–94 foizini yengil avtomobillar tashkil qiladi, jamoat transporti esa 1 foizga ham yetmaydi. Natijada tirbandliklar doimiy muammo bo‘lib kelmoqda.
Loyiha tafsilotlari
- Yo‘l uzunligi: 23 km
- Loyihaviy tezlik: 80–100 km/soat, aholi punktlarida 60 km/soat
- Toshkent qismida 12–16 harakatlanish yo‘lagi, shahar atrofida 8 ta, Nurafshonda 10 ta yo‘lak rejalashtirilgan
- Yo‘l xalqaro standartlarga javob beruvchi Ib-toifali shahar magistrali sifatida quriladi
- Intellektual boshqaruv tizimi (ITS) joriy etiladi
Qurilish qiymati va xarajatlar
Loyihaning umumiy qiymati: 119,6 million dollar. Asosiy xarajatlar:
- Yo‘l ishlari (asfalt-beton qoplamasi): 61,578 ming $
- Ko‘priklar va suv quvurlari: 5,266 ming $
- BRT stansiyalari (9 ta): 16,331 ming $
- Muhandislik tarmoqlari: 8,035 ming $
- Yorug‘lik tizimi: 6,899 ming $
- ITS: 13,354 ming $
- Ko‘kalamzorlashtirish ishlari: 2,483 ming $
- Ko‘zda tutilmagan xarajatlar: 5,697 ming $
BRT tizimi ishga tushgach, Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti 2 baravarga qisqaradi, va yo‘ldan 150 mingdan ortiq aholi kundalik harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish va transport oqimini optimallashtirishga xizmat qiladi.