Toshkentda avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalari olib tashlanadi

Toshkentda avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalari olib tashlanadi

Shahar ma’muriyati qaroriga ko‘ra, barcha bekatlar yangilanadi va savdo nuqtalari bekat hududidan chiqariladi.

Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini tartibga solish va yangilash doirasida avtobus bekatlarida joylashgan savdo nuqtalari olib tashlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Birinchi bosqichda 100 km yo‘l qismidagi 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta chorraha o‘rganildi. Audit natijasida bekatlar hududida 110 ta savdo obyekti borligi aniqlangan. Ulardan 61 tasi hududga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Ularning faoliyatiga huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘riladi.
Shahar ma’muriyati qaroriga ko‘ra, barcha bekatlar yangilanadi va savdo nuqtalari bekat hududidan chiqariladi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga esa savdo obyektlarini joylashtirish uchun boshqa joy ajratish orqali kompensatsiya berilishi mumkin.
Hokimlikka ko‘ra, zamonaviy jahon amaliyotida bekatlar hududida savdo obyektlari joylashtirilmaydi. Bu yo‘lovchilarning transportni xavfsiz va erkin kutishi, platformalarning keng bo‘lishi hamda inklyuziv muhit yaratilishini ta’minlaydi.
Avvalroq poytaxtda yo‘llardagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi boshlangan edi. Ishlar eng tirband 472 km yo‘llardan boshlanadi. Dastur doirasida harakatni tashkil etishni takomillashtirish, jamoat transportiga ustuvorlik berish, svetoforlarni yangilash va yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, YHTEM tomonidan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga tirbandlik, ekologiya va jamoat transporti muammolarini hal etishga qaratilgan loyihalar taqdim etilgan. U poytaxt transport tizimini modernizatsiya qilish jarayonini shaxsan nazorat qilishini bildirgan.
2025-yil yozida Raqobat qo‘mitasi respublika bo‘ylab 2800 ta avtobus bekatini tekshirib, ularning aksariyatida yoritish, belgilar va panduslar yetishmasligini aniqlagan hamda Transport vazirligi va hokimliklarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborgan.
Toshkentda avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalari olib tashlanadi | 12news