Toshkentda noyabr oyida ikkilamchi uy-joy narxlari qanchaga pasaydi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) noyabr oyida O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlil natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, noyabr oyida mamlakat bo‘yicha 25 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 mingta yoki 13,2 foizga ko‘p.
Yillik hisobda uy-joy savdosining eng yuqori o‘sishi Buxoro (35,4 foiz), Qashqadaryo (26,5 foiz) va Samarqand (21,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Mamlakat bo‘yicha tuzilgan barcha bitimlarning qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda noyabr oyida uy-joy savdosi yillik hisobda 8,8 foizga oshgan.
Ikkilamchi bozor
Noyabr oyida O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘rtacha 7 foiz atrofida o‘sishi kuzatilgan. Narxlar eng yuqori sur’atda Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida oshib, yillik hisobda o‘rtacha 17 foizni tashkil etgan.
Toshkent shahri
Joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,9 foizga pasaygan. Birlamchi bozorda esa aksincha, narxlar 4 foizga oshgan.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida qayd etilib, bu hududlarda narxlar o‘rtacha 5 foizga arzonlashgan.
Birlamchi bozorda esa narxlarning eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida kuzatilgan. Ushbu hududlarda uy-joy narxlari o‘rtacha 9 foizga oshgan.
Ijara bozori
Noyabr oyida Toshkent shahrida ijara narxlari ham o‘sishda davom etgan. Poytaxtda ijara narxining o‘rtacha ko‘rsatkichi bir kvadrat metr uchun 8,7 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga yuqori bo‘lgan.
Ijara narxlari eng yuqori bo‘lib qolayotgan tumanlar qatoriga Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy kiradi. Bu hududlarda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 11 dollar atrofida shakllangan.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Bektemir tumanlarida ijara narxlari yillik hisobda o‘rtacha 8 foizga oshgani qayd etilgan.

