Toshkentdagi 3 ta yirik bozorda savdo nuqtalari yopildi

Toshkentdagi 3 ta yirik bozorda savdo nuqtalari yopildi

Toshkent shahridagi uchta yirik bozorda ayrim savdo bloklari vaqtincha yopildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi

8-aprel kuni o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Yashnobod tumanidagi Aviasozlar bozori, Shayxontohur tumanidagi Eski juva (Chorsu) dehqon bozori hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozorida yong‘in xavfsizligi talablari o‘rganildi.
Tekshiruv natijasida bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, ochiq holdagi elektr simlari, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfli holatlar, shuningdek yong‘in o‘chirish jo‘mraklarining nosozligi yoki ayrim joylarda umuman mavjud emasligi qayd etildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar sababli bozorlarning ayrim qismlari elektr ta’minotidan uzilib, kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, bunday nazorat tadbirlari bozorlarda xavfsiz muhitni ta’minlash va ehtimoliy yirik yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Park in Mall” savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in ortidan uning faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan edi. Shuningdek, yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bozor va savdo markazlari egalari endilikda yong‘indan sug‘urtalash majburiyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Toshkentdagi 3 ta yirik bozorda savdo nuqtalari yopildi | 12news