Toshkentliklar pulli parkovkaga rezidentlik ruxsatnomasini onlayn va bepul olishlari mumkin

Toshkent shahri aholisi o‘z uylari yaqinidagi pulli parkovkalardan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn va bepul rasmiylashtirishi mumkin.
Ruxsatnomani olish uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Poytaxt Parking rezidentlik ruxsatnomalarini olish” xizmatini tanlash lozim.So‘ng so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirib, ariza yuborish mumkin. Ariza tasdiqlangach, rezidentlik ruxsatnomasi faol bo‘ladi.
Ruxsatnoma 1 yil davomida amal qiladi va bitta xonadon manziliga 2 tagacha ruxsatnoma beriladi.
Dekabr oyida pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalari narxi belgilandi: kunduzi (soat 8:00–20:00) to‘xtash uchun yiliga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m), tungi vaqtda esa (20:00–8:00) avtoturargoh bepul bo‘ladi.
2025-yil 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon ko‘chalarida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda 30-iyungacha yana 30 ta ko‘chada, iyul oxirigacha esa 86 ta ko‘chada 13 208 ta to‘xtash joyi ishga tushishi rejalashtirilgan edi.
Shu bilan birga, yo‘l bo‘yi pulli parkovkalar narxi haydovchilar orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda, narxlarni esa yuqori deb hisoblamoqda.

