Wolt 5-martdan O‘zbekiston bozorini tark etadi

Wolt 5-martdan O‘zbekiston bozorini tark etadi

5-martdan boshlab ilova va rasmiy veb-sayt orqali buyurtma berish imkoni bo‘lmaydi.

Finlyandiyaning oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati — Wolt O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda kompaniya o‘zining mobil ilovasi orqali ma’lum qilgan.
Bildirilishicha, 5-martdan boshlab ilova va rasmiy veb-sayt orqali buyurtma berish imkoni bo‘lmaydi. Kompaniya foydalanuvchilarga yo‘llagan xabarida ushbu qaror ayrimlar uchun noqulay bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, xizmatdan foydalangan mijozlarga minnatdorlik bildirgan.
Kuryerlarga yuborilgan murojaatda esa 4-martga qadar buyurtmalarni yetkazib berish davom ettirilishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, bajarilgan barcha yetkazib berishlar uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilishi ma’lum qilingan.
Kompaniya bayonotida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bozorini tark etish qarori har tomonlama tahlil va muhokamalardan so‘ng qabul qilingan. So‘nggi ikki yil davomida erishilgan natijalar ijobiy baholangan bo‘lsa-da, bozor sharoitlari tahlili faoliyatni yakunlash eng maqbul yechim ekanini ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, Wolt 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 28 mamlakatda faoliyat yuritadi. Xizmat O‘zbekistonda 2024-yil sentabr oyida rasman ishga tushirilgandi.
Wolt 5-martdan O‘zbekiston bozorini tark etadi | 12news