“Yangi bank” litsenziyasi bekor qilindi. Omonatlarning taqdiri nima bo’ladi?

Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 15 yanvardagi qaroriga muvofiq, “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi bekor qilindi. Natijada O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar soni 34 taga tushdi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra,“Yangi bank”da jami 32 ming 526 nafar omonatchi mavjud bo‘lgan. Ularning 32 ming 153 nafari bankka 200 million so‘mgacha mablag‘ joylashtirgan bo‘lib, ushbu omonatlar davlat tomonidan to‘liq kafolatlanadi va belgilangan tartibda qaytarib beriladi.
Qolgan 373 nafar omonatchining bankdagi mablag‘lari 200 million so‘mdan oshgan. Regulyator ushbu omonatchilarga tegishli mablag‘lar maxsus komissiya qaroriga asosan, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarilishini ma’lum qildi.
Qonunchilikka ko‘ra, banklardagi omonatlarning 200 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan to‘liq kafolatlanadi. Shu bois, mutaxassislar banklarga yirik miqdordagi mablag‘larni joylashtirishdan avval moliyaviy xatarlarni sinchiklab baholash lozimligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Yangi bank” faoliyatini boshlaganidan buyon zarar bilan ishlagan. Xususan, 2025 yilning dastlabki 9 oyida bank 95,4 milliard so‘m zarar ko‘rgan.
Omonatlarni qaytarib olish tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998 55 550 05 00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.
Markaziy bank “Yangi bank” litsenziyasining bekor qilinishiga bank tomonidan ustav kapitali bo‘yicha belgilangan talablar to‘liq bajarilmagani sabab bo‘lganini bildirdi. Amaldagi talablarga ko‘ra, 2025 yildan boshlab banklarning ustav kapitali kamida 500 milliard so‘m bo‘lishi lozim. “Yangi bank”da esa ushbu ko‘rsatkich 355 milliard so‘mni tashkil etgan. Bir necha bor ogohlantirish berilganiga qaramay, ustav kapitali oshirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentabr oyida “Yevroosiyo banki”ning ham litsenziyasi bekor qilingan edi. Hozirda O‘zbekistonda 34 ta bank faoliyat yuritmoqda.

