Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lash 28-yanvardan boshlanadi

Jismoniy shaxslar kompensatsiya mablag‘larini ikki usulda olishlari mumkin.
Omonatlarni kafolatlash agentligi Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lash uchun Biznesni rivojlantirish bankini (BRB) agent bank sifatida belgiladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mablag‘larni qaytarish jarayoni majburiy identifikatsiyadan o‘tilgandan so‘ng omonatchilar reyestri asosida amalga oshiriladi. To‘lovlar uchun hech qanday qo‘shimcha komissiya undirilmaydi. Kompensatsiya to‘lovlarini 2026-yil 28-yanvardan boshlash rejalashtirilgan.
Jismoniy shaxslar kompensatsiya mablag‘larini ikki usulda olishlari mumkin. Birinchi usul — BRB mobil ilovasi orqali onlayn tarzda. Buning uchun ilovani yuklab olish, telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tish hamda MyID tizimi orqali masofaviy identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Shaxs tasdiqlangach, ilovadagi “Omonatlarni kafolatlash agentligi” bo‘limida kompensatsiya summasi aks etadi va uni istalgan bank kartasiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchi usul — Biznesni rivojlantirish bankining bank xizmatlari markazlariga shaxsan murojaat qilib, mablag‘larni naqd shaklda olish.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar kompensatsiya mablag‘larini faqat BRBning bank xizmatlari markazlariga shaxsan murojaat qilgan holda olishlari mumkin. Ular mablag‘larni bankda hisob raqami ochish yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga o‘tkazish orqali qabul qilishlari mumkin.
Yuridik shaxslardan rahbarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, rahbarni tayinlash haqidagi buyruq yoki ishonchnoma, davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasi, ta’sis hujjatlari hamda zarur hollarda imzo namunalari va tashkilot muhri talab etiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar esa shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasi va hisob raqami rekvizitlarini taqdim etishlari lozim.
Shuningdek, omonatchilar olingan kompensatsiya mablag‘larini o‘z xohishlariga ko‘ra Biznesni rivojlantirish bankidagi depozit hisobvaraqlariga joylashtirishlari mumkin.

