Yil yakunigacha Toshkentdagi barcha avtomobillarga ekostiker beriladi

Yil yakunigacha Toshkentdagi barcha avtomobillarga ekostiker beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmon qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, mamlakat transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish choralari belgilandi. Xususan, Energetika vazirligiga 2026-yil 1-noyabrgacha O‘zbekistondagi barcha neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Mazkur dasturga ko‘ra, zavodlar 2028-yil 1-noyabrgacha “Yevro-4”, 2030-yil 1-martdan boshlab esa “Yevro-5” ekologik standartlariga mos motor yoqilg‘isi ishlab chiqarishga o‘tadi.
23-mart kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor loyihalar taqdim etilgan, unda yoqilg‘i standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish rejalari ma’lum qilingan edi.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasiga joriy yil oxiriga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahri hududini “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratish vazifasi yuklatildi. Mazkur zonalarda maxsus yo‘l belgilarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Yangi tartib kuchga kirgach, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekostikersiz avtomobillarning ayrim hududlarga kirishi taqiqlanadi. Qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar poytaxtdagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekostikerlar beriladi. Ichki ishlar vazirligiga ushbu jarayonni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkentda avtomobillar ekologik toifasiga qarab “toza”, “o‘rta” va “zararli” guruhlarga ajratilib, mos ravishda “yashil”, “sariq” va “qizil” rangli stikerlar berish yo‘lga qo‘yildi. Ekostikerlarni Yagona portal — my.gov.uz orqali onlayn olish mumkin.
Hozirda ekostikerlar ixtiyoriy hisoblanadi va ularsiz harakatlanayotgan avtomobillarga jarima qo‘llanilmaydi. Biroq 2028-yildan boshlab ekostikersiz harakatlanish uchun jarimalar joriy etilishi rejalashtirilgan
Yil yakunigacha Toshkentdagi barcha avtomobillarga ekostiker beriladi | 12news