Yirik isteʼmolchilar elektr energiyasini soatbay narxlarda xarid qilishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda yiliga 10 mln kVt/soatdan ortiq elektr isteʼmol qiladigan korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda soatbay shakllanadigan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bu masala 14-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan energiya samaradorligini oshirish va energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taqdimotda muhokama qilindi.
Taqdimotda bunday yirik isteʼmolchilar ro‘yxati shakllantirilgani, ular uchun ulgurji bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida elektr xarid qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi. Narxlar esa talab va taklifdan kelib chiqib, soatbay tarzda shakllanadi.
Shuningdek, elektr energetika sohasida raqobatni kuchaytirish, yagona regulyator tashkil etish hamda elektr tarmoqlarini xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalari maʼlum qilindi. Bu orqali elektr energiyasi yo‘qotishlarini sezilarli kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Prezident energiya bozorida bozor mexanizmlarini joriy etish va resurslardan samarali foydalanish muhimligini taʼkidlab, masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab elektr energiyasi sohasida raqobatli ulgurji bozor mexanizmlari to‘liq ishga tushirilishi, 2030-yilgacha esa erkin narxlashga bosqichma-bosqich o‘tilishi rejalashtirilgan.