Yosh oilalarga ipoteka stavkasining 14 foizdan yuqori qismi budjetdan qoplab beriladi

Yosh oilalarga ipoteka stavkasining 14 foizdan yuqori qismi budjetdan qoplab beriladi

O‘zbekistonda yosh oilalar uchun ipoteka kreditining yillik 14 foizdan yuqori qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu haqda prezident yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda har yili qariyb 270 mingta yangi oila tashkil topmoqda. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdanto‘lab beriladi.
“Yosh oilalar uchun eng avvalo qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, ipoteka kreditining 14 foizdan yuqori qismi budjetdan qoplab beriladi”, — dedi prezident.

“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi boshlanadi

Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishga qaratilgan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur xorijiy nufuzli oliygohlar — Garvard, Stenford va London iqtisodiyot maktabi kabi ta’lim muassasalari ilg‘or tajribasi asosida tashkil etiladi.
Yoshlar ishlari agentligiga mazkur oliygohlar bilan hamkorlikda kamida 40 ming nafar yoshni biznesga o‘qitish topshirildi.
Dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratiladi.

Eng yaxshi loyihalarga 1 mlrd so‘mgacha mablag‘

Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyiha brend darajasiga olib chiqiladi. Buning uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, banklar huzurida bittadan konsalting kompaniya tashkil etiladi. Joriy yilda ular 50 ming nafar yosh tadbirkorga biznes-reja tayyorlashda ko‘maklashadi va xarajatlarni qoplab beradi.
Yirik savdo tarmoqlari vakillari hamda malakali mutaxassislar jalb etilib, kamida 20 ming nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitiladi.
Bundan tashqari, 1 martdan boshlab yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarning infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlari xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Yosh oilalarga ipoteka stavkasining 14 foizdan yuqori qismi budjetdan qoplab beriladi | 12news