1-fevraldan Toshkent metrosidagi 19 ta bekatda kassalar yopiladi

1-fevraldan Toshkent metropolitenining yana 19 ta bekatida kassalar faoliyati to‘xtaydi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Yopiladigan bekatlarda kassalar o‘rniga yangi QR-kodli chiptalar beruvchi apparatlar — infokioskalar ishga tushirilgan. Kassalar yopiladigan bekatlar ro‘yxati:
- Chilonzor yo‘nalishi: Yangihayot, Sergeli, O‘zgarish, Chosh Tepa, Milliy bog‘, Mustaqillik maydoni, Amir Temur xiyoboni, Pushkin
- O‘zbekiston yo‘nalishi: Do‘stlik, Mashinasozlar, Toshkent, Oybek, Kosmonavtlar, O‘zbekiston, G‘afur G‘ulom, Chorsu
- Yunusobod yo‘nalishi: Turkiston, Shahriston, Bodomzor
Kassalarning o‘rniga yo‘lovchilar uchun bir martalik QR-chiptalarni beruvchi infokioskalar o‘rnatiladi.
Metropoliten matbuot xizmati bildirishicha, keyingi bosqichlarda yo‘lovchilarning fikr va takliflari o‘rganilib, qolgan bekatlardagi kassalar ham bosqichma-bosqich yopilishi rejalashtirilgan.
Hozirda yo‘lovchilar bank va transport kartalari, yuzni tanib olish (Face ID), kaft orqali to‘lov (Palm pay) hamda mobil ilovalar orqali 10 dan ortiq usulda chipta xarid qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyulida metroning 13 ta bekatida naqd pul kassalari yopilgan, avgust oyida esa barcha bekatlarda kassalarni yopish bo‘yicha ishlar yil yakuniga qadar rejalashtirilgani xabar qilingan edi. Dekabr oyida yana 16 ta bekatdagi kassalar yopilgan.
Avvalroq, Toshkent metrosining 4 ta bekatida vestibyullar qayta ochilishi haqida ham xabar berilgan edi.


