1-maydan HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi oshadi

1-maydan HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi oshadi

2026-yil 1-maydan boshlab HUMO kartalari uchun SMS-xabarnomalar narxi ikki baravarga oshiriladi. Endilikda har bir kiruvchi SMS uchun 168,40 so‘m to‘lanadi. Hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 84,2 so‘mni tashkil etmoqda.

Mazkur SMS-xabarnomalar 13131 qisqa raqami orqali yuborilib, karta bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar va balans haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Xizmat Octotelecom tomonidan taqdim etiladi.
Narx oshirilishi texnik infratuzilma va dasturiy ta’minotni rivojlantirish xarajatlari ortgani bilan izohlangan. Shuningdek, xizmat xavfsizligini ta’minlash, energiya resurslari va litsenziya to‘lovlari qimmatlashgani ham asosiy sabab sifatida keltirilgan.
Foydalanuvchilar ushbu SMS-xabarnoma xizmatini o‘chirish uchun 13131 raqamiga “STOP” so‘zini yuborishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, HUMO tizimida 2026-yil 1-apreldan HUMO Card botining premium oylik obunasi ham oshirilgan bo‘lib, uning narxi 5000 so‘m etib belgilangan (avval 1000 so‘m edi). Ushbu obuna orqali foydalanuvchilar o‘tkazmalar tarixini ko‘rish, kartani bloklash va blokdan chiqarish kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
1-maydan HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi oshadi | 12news