12-yanvar kuni Toshkentda Qurolli Kuchlarning tantanali paradi bo‘lib o‘tadi

Vatan himoyachilari kuni bilan 12-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bo‘linmalarining tantanali harbiy paradi tashkil etiladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbir Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilmoqda.
Parad qayerdan boshlanadi va qaysi yo‘nalishda o‘tadi?
Harbiy bo‘linmalarning tantanali piyoda yurishi 12-yanvar kuni soat 11:00 da Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti (mo‘ljal: “Pushkin” metro bekati) hududidan boshlanadi va soat 13:00 gacha davom etadi.
Paraddagi harakat yo‘nalishi quyidagicha bo‘ladi:
- Parkent va Mustaqillik ko‘chalari orqali harakat;
- Amir Temur xiyobonida to‘xtash va ko‘rgazmali chiqishlar.
Ko‘rgazmali chiqishlar va harbiy namoyishlar
Amir Temur xiyobonida:
- faxriy qorovul jamoasining chiqishlari,
- qo‘l jangi ustalarining namoyishlari,
- harbiy bo‘linmalarning jangovar chaqiriqlari,
- harbiy orkestr tomonidan defile namoyishlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng harbiy bo‘linmalar Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali boshlang‘ich manzilga qaytadi.
Transport harakati vaqtincha cheklanadi
Parad munosabati bilan 12-yanvar kuni soat 11:00 dan 13:00 gacha Parkent, Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Mudofaa vazirligi yuzaga keladigan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, Toshkent aholisi va poytaxt mehmonlarini bayram tadbirlarida faol ishtirok etishga chorlagan.


