2025-yilda O‘zbekistonda qariyb 94 mingta kvartira yetishmagan

2025-yilda O‘zbekistonda uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj bilan real qurilish hajmi o‘rtasida 93,5 mingta xonadon miqdorida tafovut yuzaga kelgani ma’lum qilindi.
Bu haqda prezidentga urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha taqdimot chog‘ida aytib o‘tildi.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ma’lum qilishicha, 2025-yilda 106,5 mingta yangi kvartira qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatning zamonaviy tarixida eng yuqori natija hisoblanadi.
Shu bilan birga, aholining tabiiy o‘sishini hisobga olganda, hozirgi qurilish hajmi yetarli emas. Kudbiyevning ta’kidlashicha, 2040-yilgacha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydonini 23 kvadrat metrga yetkazish uchun yiliga kamida 280 mingta xonadon qurilishi zarur.
— Tabiiy o‘sish ehtiyojini qondirish uchun hozirda qariyb 93,5 mingta xonadon yetishmayapti. Biz ushbu marrani o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik va unga erishamiz, — dedi u.
Shuningdek, prezident farmoni loyihasida uy-joy qurilishi dasturlarini rejalashtirishning yangi tizimi nazarda tutilmoqda. Endilikda qurilish dasturlari aniq muddatlarga bog‘langan holda ishlab chiqiladi, loyihalarni tashabbus qilish va kelishish tartibi belgilanadi. Budjet jarayoniga o‘xshash tarzda 3 yillik prognozlash amaliyoti joriy etiladi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda 140 mingta, 2027-yilda 150 mingta, 2028-yilda esa 160 mingta yangi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.


