2025-yilda O‘zbekistonda uy-joy narxlari qanday o‘zgardi?

2025-yilda O‘zbekistonda uy-joy bozori faollashib, narxlar o‘sishi qayd etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, yil davomida ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari o‘rtacha 8 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 6,2 foizni tashkil etgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat bo‘ylab 295 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 38,5 mingta yoki 15 foizga ko‘p. Tuzilgan shartnomalarning 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida shartnomalar sonining eng yuqori o‘sishi Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida qayd etilgan.
2025-yilda ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari deyarli barcha hududlarda oshgan. Eng yuqori yillik o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatilgan. Andijon viloyatidan tashqari barcha hududlarda narxlar yillik hisobda ko‘tarilgan.

Poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari yillik hisobda 0,6 foizga oshgan. Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida narxlarning taxminan 5 foizga pasaygani qayd etilgan.
Birlamchi bozorda esa narxlar yillik hisobda 9 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida kuzatilgan.

Toshkent shahrida ijara narxlari 2025-yil davomida barqaror o‘sish tendensiyasini saqlab qolgan. Tumanlar kesimida eng yuqori o‘sish Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda ijara narxlari o‘rtacha 11 foizga oshgan.


