2025-yilda qariyb 7 mln o‘zbekistonlik xorijga sayohat qilgan

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida qariyb 7 million nafar O‘zbekiston fuqarosi sayyohlik maqsadida xorijga safar qilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 11 oy davomida xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 1,3 million kishiga ko‘paygan.
Safarlar soni bo‘yicha qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda. Jumladan, Qirg‘izistonga 3 milliondan ortiq, Qozog‘istonga 1,3 million, Tojikistonga esa 1,2 million nafar O‘zbekiston fuqarosi borgan.
Rossiyaga esa joriy yil davomida 399 ming nafar o‘zbekistonlik tashrif buyurgan.
Uzoq xorij mamlakatlari orasida Saudiya Arabistoni yetakchi bo‘lib, bu davlatga 296 mingdan ortiq sayyoh safar qilgan. Shuningdek, Turkiyaga 251 mingdan ziyod, Birlashgan Arab Amirliklariga esa 126 mingdan ortiq o‘zbekistonlik borgan.
Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar Misr (61 ming), Xitoy (46 ming) va Vyetnam (qariyb 36 ming) kabi mamlakatlarga ham tobora ko‘proq sayohat qilmoqda.
Avvalroq, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston xorijiy turistlar oqimi o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoning yetti yetakchi davlati qatoriga kirgani xabar qilingandi. Ushbu davrda mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar soni pandemiyagacha bo‘lgan 2019 yilga nisbatan 73 foizga oshgan.


