2026 yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi

2026 yilgi Ramazon uchun zakot nisobi taxminan 85 gramm 585 probali tilla qiymatidan kelib chiqib 100 000 000 (yuz million) so‘m etib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan milodiy 2026 / hijriy 1447 yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdori tasdiqlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Zakot nisobi – 100 million so‘m
2026 yilgi Ramazon uchun zakot nisobi taxminan 85 gramm 585 probali tilla qiymatidan kelib chiqib 100 000 000 (yuz million) so‘m etib belgilandi.
Shunga ko‘ra:
- Kimda kamida 85 gramm tilla yoki
- 100 million so‘m pul mablag‘i yoki
- Shu qiymatga teng tijorat mol-mulki mavjud bo‘lsa,
u jami mablag‘ining 2,5 foizi (qirqdan biri)ni zakot niyatida ehtiyojmandlarga berishi farz hisoblanadi.
2026 yil fitr sadaqasi miqdori
Fatvo markazi qaroriga ko‘ra, fitr sadaqasi quyidagi miqdorlarda belgilandi:
- ≈ 2 kg bug‘doy yoki uning qiymati – 10 000 so‘m
- ≈ 2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati – 12 000 so‘m
- ≈ 4 kg arpa yoki uning qiymati – 20 000 so‘m
- ≈ 2 kg mayiz yoki uning qiymati – 110 000 so‘m
- ≈ 4 kg xurmo yoki uning qiymati – 200 000 so‘m
Har bir fuqaro o‘z imkoniyatidan kelib chiqib ushbu besh mahsulotdan istalgan biri yoki uning pul qiymatini fitr sadaqasi sifatida berishi mumkin.
Fitr sadaqasi Ramazon oyi davomida, hayit namozigacha ado etilishi lozim.
Fidya miqdori ham e’lon qilindi
Bir kunlik fidya miqdori fitr sadaqasi bilan bir xil etib belgilandi. Ya’ni, imkoniyatga qarab yuqoridagi mahsulotlardan biri yoki uning qiymati fidya sifatida beriladi.
Ramazon 2026 qachon boshlanadi?
Avvalroq xabar qilinganidek, O‘zbekistonda 2026 yilda Ramazon oyi 19 fevraldan boshlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
- “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m,
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali esa 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilingan.
Mazkur qaror Ramazon oyida ibodat va saxovat ishlarini tartibli amalga oshirishga xizmat qiladi.