Amsterdamda deepfake orqali 46 ta soxta bank hisob raqami ochgan firibgar qo’lga olindi

Amsterdamda 34 yoshli erkak deepfake texnologiyasi yordamida boshqalarning nomiga 46 ta bank hisob raqamini ochib, ulardan firibgarlikda foydalangan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, erkak kvartira e’lonlari orqali jabrlanuvchilardan shaxsiy hujjatlarni so‘rab olgan. Bu hujjatlar orasida bank hisob varaqalari, maosh kvitansiyalari va identifikatsiya hujjatlari bo‘lgan. Keyin u bankning raqamli identifikatsiya jarayonini chetlab o‘tish uchun hujjatlardagi yuz xususiyatlarini o‘z yuziga moslab deepfake orqali o‘zgartirgan. Shu tariqa u o‘nlab bank hisob raqamlarini ochishga muvaffaq bo‘lgan.
Bank firibgarlikni aniqlab, politsiyaga xabar bergach, raqamli jinoyatlarga qarshi mutaxassislar tergov boshladi. Tergov davomida gumonlanuvchi chegara nazoratida Qirollik Marechaussee (KMar) xodimlari tomonidan aniqlanib, qo‘lga olindi. U bilan birga katta miqdorda bank kartalari topilgan. Hozirgi vaqtda gumonlanuvchi vaqtincha hibsda va politsiya boshqa shaxslarning ham ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu ish bank tizimlaridagi raqamli identifikatsiya jarayonini aldash uchun deepfake texnologiyasidan foydalanish bo‘yicha birinchi jiddiy holatlardan biri sifatida tarixga kiradi. Shu sababli banklar endilikda deepfake aniqlash tizimlarini kuchaytirgan va shaxsni identifikatsiya qilish jarayonlarini qat’iylashtirgan.