Apple buklanadigan iPhone ustida ishlayapti: qanday yangiliklar bor?

Apple kompaniyasi ilk bor buklanadigan iPhone’ni bozorga chiqarishga hozirlik ko‘rayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Manbalarga ko‘ra, kompaniya 2026-yil sentyabrida o‘zining ilk buklanadigan iPhone’ini taqdim etadi.
iPhone aksessuarlari ishlab chiqaruvchilari allaqachon yangi qurilma formatiga mos g‘ilof va himoya vositalari ustida ishlay boshlagani mish-mishlarni yana ham ko’paytirib yubordi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, buklangan holatda iPhone Fold’ning kengligi 83,8 mm, balandligi 120,6 mm va qalinligi 9,6 mm bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar qurilmani cho‘ntakka joylash jihatidan noodatiyroq qilsa-da, Apple bu formatni ochiq holatdagi qulaylik hisobiga tanlagani aytilmoqda.
Qurilma ochilganda esa foydalanuvchi 7,76 dyuymli deyarli kvadrat shakldagi katta ekranga ega bo‘ladi. Bu ekran o‘lchami va nisbatlari jihatidan iPad mini’ga juda o’xshash bo’lib, kontent tomosha qilish, hujjatlar bilan ishlash va multitasking uchun qulaylik yaratishi kutilmoqda.
Ichki hujjatlarga ko‘ra, qurilma ochiq holatda kamera bo‘rtmasisiz atigi 4,8 millimetr qalinlikka ega bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich uni Apple tarixidagi eng yupqa qurilmalardan biriga aylantiradi. Taqqoslash uchun, iPhone Air 5,64 mm, Samsung Galaxy Fold’ning so‘nggi avlodi esa 4,2 mm qalinlikka ega.
Manbalarning ta’kidlashicha, buklanadigan iPhone orqa tomonida 2ta kamera bilan jihozlanadi. Dizayn iPhone 17 seriyasiga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Ichki selfi kamera esa to‘liq ekran ostiga joylashtirilishi kutilmoqda, bu Apple uchun muhim texnologik qadam bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Apple buklanadigan iPhone’da Face ID yoki Touch ID’ning yangi avlodi, mustahkamroq ilgak mexanizmi va ekran buklama chizig‘ini sezilmaydigan darajada yupqa qilish ustida ishlayotgani aytilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, Apple buklanadigan iPhone’da ikkita batareya blokidan iborat tizim, shuningdek iOS’ning maxsus moslashtirilgan versiyasini taklif qilishi mumkin. iPadOS elementlari bilan boyitilgan interfeys katta ekran imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga xizmat qiladi.
Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, Apple buklanadigan iPhone bilan nafaqat yangi dizayn, balki iPhone va iPad o‘rtasidagi chegarani yo‘qotuvchi qurilma taqdim etishi mumkin.


