Apple yangi “Ultra” qurilmalar liniyasini kengaytirishi mumkin

Apple yaqin yillarda “Ultra” nomli premium qurilmalar qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman xabar berdi.
Hozirda “Ultra” nomi faqat Apple Watch Ultra aqlli soati va kompaniyaning ayrim chiplarida qo‘llanmoqda. Biroq kelajakda ushbu nom boshqa qurilmalarda ham paydo bo‘lishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, Apple bukiladigan iPhone ustida ham ishlamoqda. Qurilma katta ichki ekran va displey ostiga yashirilgan sensorlar bilan jihozlanishi mumkin. Uning taxminiy narxi 2000 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Qurilma iPhone Ultra yoki iPhone Fold nomi bilan taqdim etilishi ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, kompaniya yangi avlod AirPods quloqchinlariga kichik kameralar o‘rnatishni ham ko‘rib chiqmoqda. Bu kameralar atrof-muhitni kuzatib, vizual ma’lumotlarni Siri yordamchisiga uzatishi mumkin. Bunday model narxi AirPods Pro’dan qimmatroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, kelajakdagi MacBook Pro noutbuklari OLED va sensorli ekran bilan jihozlanishi mumkin. Bu qurilmalar hozirgi M5 Pro va M5 Max chipli modellardan ham yuqori segmentga joylashtirilishi kutilmoqda.