“Asakabank” xususiylashtiriladi: YeTTB 15% aksiyani sotib olishi mumkin

O‘zbekistonda Asakabankni xususiylashtirish jarayoni jadallashmoqda. Prezident tomonidan imzolangan yangi qarorga ko‘ra, bank aksiyalarining 15 foizgacha qismini Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) sotib olishi mumkin.
Hujjat bankni transformatsiya qilish, uning samaradorligini oshirish va strategik investorlarni jalb etishga qaratilgan. Shu doirada Asakabank faoliyatini to‘liq bozor tamoyillariga o‘tkazish, asosiy faoliyatga aloqador bo‘lmagan yo‘nalishlarni qisqartirish hamda aktivlar qiymatini bozor darajasiga moslashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bankni xususiylashtirishga tayyorlash jarayonida ayrim aktivlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Ularning umumiy qiymati 382,6 milliard so‘mni tashkil etadi.
Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2026-yilda davlat budjetidan bank kapitalini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 95 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, muammoli kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash mexanizmi ham joriy etiladi.
Xususiylashtirish jarayonida xalqaro yuridik va moliyaviy maslahatchilar jalb qilinadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Asakabank 2026-yil 1-sentabrga qadar YeTTB bilan ulushni sotish qiymati va investitsiya shartlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak.
Ma’lumot uchun, hozirda Asakabank aksiyalarining asosiy qismi davlatga tegishli bo‘lib, bu islohot bankni bozor iqtisodiyoti tamoyillariga yaqinlashtirish va xususiy sektor ulushini oshirishga xizmat qiladi.