Asiana Airlines Seul–Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta tiklaydi

Asiana Airlines Seul–Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta tiklaydi

Yangi jadvalga ko‘ra, bahor mavsumida parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

30-martdan boshlab Janubiy Koreyaning Asiana Airlines aviakompaniyasi Seul va Toshkent o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlarni yana yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Yangi jadvalga ko‘ra, bahor mavsumida parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Yoz va kuz oylarida esa qo‘shimcha ravishda shanba kuni ham reyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, qatnovlar keng fyuzelyajli Airbus A330-300 samolyotlarida bajariladi.
Mazkur yo‘nalishdagi parvozlar o‘tgan yil oxirida vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ularning qayta tiklanishi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini kengaytirish, turizm va biznes safarlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hozirda Toshkent–Seul yo‘nalishida parvozlarni T’way Air, Uzbekistan Airways, Qanot Sharq va Centrum Air aviakompaniyalari ham amalga oshirib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Korean Air 2024-yil 1-martdan ushbu yo‘nalishdagi reyslarini yo‘lovchilar oqimi pastligi sabab to‘xtatgan edi.
Asiana Airlines Seul–Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta tiklaydi | 12news