Ba’zi fintex xizmatlari P2P o‘tkazmalarda to‘lov maqsadini ko‘rsatishni joriy etdi

Ba’zi fintex xizmatlari P2P o‘tkazmalarda to‘lov maqsadini ko‘rsatishni joriy etdi

Endilikda foydalanuvchi pul jo‘natishda 16 ta banddan birini tanlashi shart.

Bir qator fintex xizmatlari foydalanuvchilardan kartalar o‘rtasidagi (P2P) pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda to‘lov maqsadini tanlashni talab qila boshladi. Yangi funksiya ayrim mobil ilovalarda, jumladan Uzum Bank’da ishga tushirilgan.
Endilikda foydalanuvchi pul jo‘natishda 16 ta banddan birini tanlashi shart. Ular orasida tovar yoki xizmatlar uchun to‘lov, qarzni qaytarish, yordam puli, oila a’zolariga o‘tkazma, ijara va kommunal to‘lovlar, ta’lim va tibbiy xarajatlar, xayriya, investitsiya o‘tkazmalari kabi yo‘nalishlar mavjud. Tanlovsiz tranzaksiyani yakunlash imkoni yo‘q.
Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, banklar va to‘lov tizimlari raqamli servislarni rivojlantirish doirasida pul o‘tkazmalari uchun qo‘shimcha aniqlashtiruvchi parametrlarni joriy etishi mumkin. Bu mobil ilovalar funksionalini yangilash jarayonining bir qismi hisoblanadi.
Regulyatorga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar xizmatlar ishini takomillashtirish hamda tranzaksiyalarga to‘g‘ri ishlov berishni ta’minlashga qaratilgan. Yangilanishlarning shakli va hajmi har bir moliya tashkiloti tomonidan mustaqil ravishda, ilova arxitekturasidan kelib chiqib belgilanadi.
Shuningdek, foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar faqat mobil ilova doirasida qayta ishlanishi va uchinchi shaxslarga uzatilmasligi ta’kidlandi.
Avvalroq, 2021-yilda ayrim sotuvchilar xaridorlardan to‘lovni kartadan kartaga o‘tkazma orqali amalga oshirishni so‘rayotgani qayd etilgan edi. Bu holat soliq bazasini kamaytirishga urinish sifatida baholangan.
2023-yil fevralida prezident tomonidan soliq ma’murchiligini takomillashtirishga oid farmon imzolangan. Hujjatga ko‘ra, to‘lov xizmatlari provayderlari jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun, hatto komissiya nol bo‘lgan taqdirda ham, elektron hisob-faktura rasmiylashtirishi lozim.
Ba’zi fintex xizmatlari P2P o‘tkazmalarda to‘lov maqsadini ko‘rsatishni joriy etdi | 12news