O‘zbekiston 1 mlrd dollar ekvivalentida suveren obligatsiyalar joylashtirdi

2026-yil 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi xalqaro moliya bozorlarida 1 milliard AQSH dollari ekvivalentida, ya’ni 12,2 trillion so‘m miqdoridagi suveren obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, milliy valyutada chiqarilgan ushbu 3 yillik obligatsiyalar tarixiy eng past foiz stavkada — 12,25 foiz bilan sotildi.
Ta’kidlash joizki, avvalgi yillarda ushbu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lgan. Xususan, 2024-yilda 3 trillion so‘mlik obligatsiyalar 16,625 foiz, 2025-yilda esa 6 trillion so‘mlik obligatsiyalar 15,5 foiz stavkada joylashtirilgan edi. Bu esa joriy yilgi joylashtirish shartlari sezilarli darajada yaxshilanganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, foiz stavkasining pasayishi xalqaro investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ma’lum qilinishicha, obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lar davlat budjeti taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.
Mazkur moliyaviy operatsiya O‘zbekistonning global kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.