Buxoroda avtobuslarda naqd pul qabul qilish bekor qilinadi

Buxoro shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1-fevraldan boshlab shahardagi 7 ta avtobus yo‘nalishida yo‘lkira uchun naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi. Ushbu yo‘nalishlar quyidagilar:
- 2-sonli Buxoro ASHB — Sitora bozori;
- 5-sonli F. Xo‘jayev MFY — To‘qimachi bosh bekati;
- 10-sonli Alpomish ko‘chasi — Shayxon MFY;
- 17B-sonli Chorbakr bosh bekati — Aeroport;
- 19-sonli Karvon bozori — Karvon shopping;
- 33-sonli Trikotaj fabrikasi — Mohi Xosa sanatoriysi;
- 1-sonli Buxoro ASHB — Zarmanoq.
Ikkinchi bosqichda, ya’ni 1-apreldan boshlab, shahardagi barcha mavjud avtobus yo‘nalishlarida to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Buxoro shahar hokimligiga bir oy muddatda barcha avtobus bekatlarida elektron chipta sotish uchun o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan infokiosklarni bosqichma-bosqich o‘rnatish vazifasi yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, Buxoro shahrida jamoat transportida yo‘lkira haqi 3 ming so‘m, ATTO to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda esa 2 ming so‘mni tashkil etadi.


