Endi avtoraqamni ilova orqali tanlash va sotib olish mumkin

O‘zbekistonda avtomobil uchun “chiroyli” davlat raqamlarini tanlash va sotib olish imkonini beruvchi AvtoRaqam mobil ilovasi ishga tushirildi.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qilishicha, ilova Android va iOS qurilmalari uchun mavjud bo‘lib, foydalanuvchilarga sotuvdagi kombinatsiyalarni ko‘rish, mosini tanlash va onlayn xarid qilish imkonini beradi.
Ilova orqali to‘lovlar naqd pulsiz — ommabop to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Raqam xarid qilingach, foydalanuvchi pasport yoki ID-karta bilan ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlangan YHXX bo‘limiga murojaat qilib, davlat raqamini oladi.
AvtoRaqam’da:
- jismoniy shaxslar uchun (01 A 234 BC),
- yuridik shaxslar uchun (01 234 ABC),
- shuningdek, mototsikl va skuterlar uchun maxsus formatdagi raqamlar mavjud.
Kelgusida xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun (sariq fondagi raqamlar) buyurtma berish imkoniyati ham qo‘shilishi rejalashtirilgan.
Ilova foydalanuvchilarga ma’lum harf yoki raqamlar ishtirokidagi bo‘sh kombinatsiyalarni qidirish, shuningdek, buyurtma jarayonini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish imkonini beradi. Avtorizatsiya telefon raqami yoki OneID tizimi orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabr oyida hukumat istalgan 6 ta harf yoki raqamdan iborat individual avtoraqamlarni berishga ruxsat bergan edi. Shu bilan birga, 1-oktabrdan boshlab bunday raqamlarni tovar-xomashyo birjasi orqali sotish amaliyoti bekor qilindi.
Endilikda:
- ayrim toifadagi “chiroyli” raqamlar belgilangan narxda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi,
- qolganlari esa umumiy navbat asosida taqsimlanadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab avtoraqamlar bo‘yicha auksionlar ham to‘liq bekor qilindi. Ularning o‘rniga buyurtma asosida, elektron murojaat orqali raqam olish tizimi joriy etildi.
Yangi tartibga ko‘ra, buyurtma asosidagi avtoraqamlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun 30 daqiqa ichida, ayrim toifalar uchun esa 14 ish kunigacha tayyorlanadi.