Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi

Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi

Farg‘ona vodiysida yirik transport loyihalaridan biri — Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda jamoatchilik vakillari bilan birga Qo‘qondan Marg‘ilonga safar qildi.
Mazkur loyiha davlat rahbarining temir yo‘l transportini rivojlantirishga qaratilgan qarori doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, yangi temir yo‘l halqasining umumiy uzunligi 324 kilometrni tashkil etadi.
Yangi elektropoyezd Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodida ishlab chiqarilgan. U 6 vagondan iborat, 586 o‘ringa ega va soatiga 120 km tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangan. Poyezd kuniga 1,5 ming, yiliga esa qariyb 600 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Vagonlarda quyidagi zamonaviy qulayliklar joriy etilgan:
  • iqlim nazorati va konditsionerlar
  • bepul Wi-Fi va USB-portlar
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus sharoitlar
  • velosipedlar uchun joylar
  • videokuzatuv va xavfsizlik tizimlari
Mutasaddilar ushbu loyiha nafaqat transport tizimini yaxshilashi, balki Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishini ta’kidladi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi | 12news