Instagram, Facebook va WhatsApp pulli bo‘ladimi?

Meta kompaniyasi Instagram, Facebook va WhatsApp platformalarida pullik (premium) obunalarni joriy etish imkoniyatini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, premium obunalar foydalanuvchilarga eksklyuziv funksiyalar, shuningdek sun’iy intellekt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, platformalarning asosiy funksiyalari bepul bo‘lib qoladi.
Meta vakillarining ma’lum qilishicha, yaqin oylar ichida foydalanuvchilarga pullik obunalar taklif etilishi mumkin. Ular orqali foydalanuvchilar kontent yaratish, muloqot qilish va shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash ustidan kengroq nazoratga ega bo‘ladi. Premium obunalarning narxi hozircha ochiqlanmagan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Instagram’dagi pullik akkaunt egalari cheklanmagan auditoriya ro‘yxatlari yaratish, ularni qayta kuzatmayotgan obunachilarni ko‘rish hamda stories’larni anonim tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Facebook va WhatsApp’dagi pullik funksiyalar ham shunga o‘xshash bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, Meta premium obunalarga Manus nomli sun’iy intellekt agentini qo‘shishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ushbu texnologiyani yaqinda 2 mlrd dollarga sotib olgan. The Verge nashrining taxminicha, pullik obunalar sun’iy intellekt sohasiga kiritilgan investitsiyalarning bir qismini qoplashga xizmat qilishi mumkin.


