Instagram pullik bo‘lyaptimi? Yangi “Plus” obuna paydo bo‘ldi

Instagram yangi pullik obuna — Instagram Plus xizmatini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda TechCrunch va Engadget nashrlari xabar bermoqda.
Hozircha yangi obuna Instagram tomonidan ayrim davlatlarda, jumladan Meksika, Yaponiya va Filippindatest qilinmoqda. Obuna narxi hududga qarab farqlanadi va taxminan 1–2 AQSH dollari atrofida.
Instagram Plus foydalanuvchilarga bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi. Jumladan, foydalanuvchilar “Hikoyalar”ni post muallifiga bildirmasdan tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular o‘z hikoyalarini kim necha marta ko‘rganini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi obuna doirasida foydalanuvchilar “Yaqin do‘stlar” ro‘yxatidan tashqari, hikoyalar uchun cheksiz auditoriya ro‘yxatlarini yaratishlari mumkin. Bu esa kontentni turli guruhlarga ajratib, har bir hikoyani aniq kimlar ko‘rishini alohida sozlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘z hikoyalarining amal qilish muddatini yana 24 soatga uzaytirishlari mumkin. Shuningdek, haftasiga bir martagacha hikoyani alohida ajratib ko‘rsatish funksiyasi ham mavjud bo‘lib, bu uning ko‘rinishini oshirishga xizmat qiladi.