Jidda minorasi Burj-Xalifadan o’zib ketmoqchi — yangi rekord yangilanadimi?

Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilida qad rostlayotgan Jidda minorasi (Jeddah Tower) dunyo me’morchiligida yangi sahifa ochishga hozirlanmoqda.
Balandligi 1 kilometr bo‘lgan mega-osmono‘par bino qurilishi tez sur’atlarda davom etmoqda — inshoot allaqachon 80-qavat balandligiga yetib, Jidda osmonida tobora yaqqol ko‘rina boshladi.
Bir necha yil davomida to‘xtab qolgan loyiha 2025-yil yanvarida qayta jonlantirildi. Hozir quruvchilar har uch–to‘rt kunda bittadan qavat qo‘shmoqda. Rejaga ko‘ra, qurilish 2028-yilga borib yakunlanadi, va shunda Jidda minorasi Dubaydagi Burj-Xalifani ortda qoldirib, “dunyodagi eng baland bino” maqomini qo‘lga kiritishi mumkin.

Bugun qurilish maydonida bir vaqtning o‘zida bir nechta ulkan kranlar faoliyat yuritmoqda. Saudi Binladin Group, Dar Al-Handasah va Turner Construction kompaniyalari rekord balandliklarda ishlash imkonini beruvchi yuqori bosimli beton nasoslari yordamida markaziy yadroni barpo etmoqda, bu esa ish sur’atlarini sezilarli darajada tezlashtirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil avgustiga kelib bino 75-qavatga yetgan, hozir esa rejalashtirilgan 157 qavat bo‘yicha beton ishlari 50 foizdan ortiq bajarilgan.
Loyihani amalga oshirayotgan Kingdom Holding Co Jidda minorasini Saudiya Arabistonining iqtisodiy va texnologik ambitsiyalarini aks ettiruvchi ramziy inshoot sifatida ko‘rmoqda. Mega-loyiha mamlakat iqtisodiyotini neftga qaramlikdan chiqarishni ko‘zlagan Vision 2030 strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq.
Qurilish sur’atlari pasaymayotgan bir paytda, Jidda minorasi har hafta yangi qavatlar bilan “bo‘y cho‘zib”, Saudiya Arabistonining global me’morchilikdagi mavqeini yanada mustahkamlashga intilmoqda.
2025-yil oxiri holatiga ko‘ra, qurilish ishlari faol davom etmoqda. Inshootning poydevori ulkan gibrid qadoqli-qoplama tizimiga asoslangan: qalinligi 5 metr, maydoni 7 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan beton plita 270 ta burib qotirilgan tayanchga tayanadi. Ushbu tayanchlar ohaktosh va marjon jinslarigacha 110 metr chuqurlikka kirib borib, minoraning ekstremal balandlikda barqarorligini ta’minlaydi.
Taqqoslash uchun, Dubaydagi Burj-Xalifa ham tayanchlar ustidagi beton plita asosida qurilgan, biroq uning poydevori 3,7 metr qalinlikka, diametri 1,5 metr bo‘lgan 192 ta tayanchga ega bo‘lib, ular taxminan 50 metr chuqurlikka joylashtirilgan.


