Nyu-Dehlida soxta Samsung smartfonlari yig‘ilgan yashirin ustaxona fosh etildi

Yashirin ustaxonada import qilingan ehtiyot qismlardan Samsung smartfonlari yig‘ilib, bozorga original mahsulot sifatida chiqarilgan.
Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida politsiya premium toifadagi Samsung smartfonlarini noqonuniy yig‘ish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruhni fosh etdi. Bu haqda Indian Express nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 dekabrdan 14 dekabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reyd davomida Bidonpura tumanidagi do‘konda joylashgan yashirin ustaxona aniqlangan. Unda import qilingan ehtiyot qismlardan Samsung smartfonlari yig‘ilib, bozorga original mahsulot sifatida chiqarilgan.
Amaliyot davomida to‘rt nafar shaxs, jumladan, jinoyat sxemasining ehtimoliy tashkilotchisi qo‘lga olingan. Tintuv chog‘ida Ultra, Fold va Flip seriyalariga mansub 512 dona soxta mobil telefon, shuningdek, 124 dona ona plata, 138 dona akkumulyator, “Vetnamda ishlab chiqarilgan” degan yozuvli 459 dona soxta IMEI stikerlari va maxsus texnik jihozlar musodara qilingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ehtiyot qismlar Xitoydan olib kelingan. Yig‘ilgan smartfonlar yangi va original qurilma sifatida 35 mingdan 40 ming rupiygacha (taxminan 391–447 dollar) narxda sotilgan. Qurilmalarga qonuniy ko‘rinish berish maqsadida soxta IMEI stikerlari yopishtirilgan.
Qo‘lga olinganlar Ashok Vihar, Brijpuri, Rohini va Karol Bag hududlarida yashovchi 33–36 yoshli erkaklar ekani ma’lum qilingan. Holat yuzasidan telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun, shuningdek, firibgarlik va yolg‘on ma’lumot berish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Politsiya hozirda ehtiyot qismlar yetkazib berish zanjiri, xaridorlar va kontrafakt mahsulotlar tarqatilishiga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan kengroq tarmoqni aniqlash bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda


