Onlayn xaridlar uchun 5 foiz yangi boj joriy etildimi?

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “onlayn xaridlarga 5 foiz yangi boj joriy etildi” degan xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumot to‘liq to‘g‘ri emas va noto‘g‘ri talqin qilingan.
Rasmiy ma’lumotlargako‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi tizim sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu tizim “bond ombori” deb ataladi. Uning asosiy maqsadi — xorijdan keltirilgan tovarlarni maxsus omborlarda saqlab, ularni faqat elektron savdo platformalari orqali sotishni yo‘lga qo‘yishdir.
Bu degani, oddiy internet-do‘konlardan emas, balki maxsus platformalar orqali mahsulotlar sotiladi va xarid qilinadi.
Yangi tizimda ayrim tovarlar uchun boj stavkalari soddalashtiriladi. Masalan:
– smartfon, noutbuk, planshet va ayrim maishiy texnikalar uchun 5 foiz boj
– kiyim-kechak, poyabzal, soatlar va ayrim elektron aksessuarlar uchun 3 foiz boj va QQS
Hozirgi amaldagi tartibga ko‘ra esa, oyiga 200 dollar limitdan oshgan onlayn buyurtmalarga 30 foizgacha boj solinadi.
Xulosa qilib aytganda, 5 foiz boj barcha onlayn xaridlar uchun joriy etilgani haqidagi gaplar noto‘g‘ri. Bu faqat yangi “bond ombori” tizimi orqali amalga oshiriladigan xaridlar uchun mo‘ljallangan soddalashtirilgan boj stavkalaridan biridir.