O‘zbekistonda 15 yildan eski avtomobillarda taksi xizmatini taqiqlash rejalashtirilmoqda

Adliya vazirligi taksilar uchun yosh, jihozlanish va belgilash bo‘yicha yangi talablarni muhokamaga qo‘ydi.
O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish xizmatlarida 15 yildan eski avtomobillardan foydalanishni cheklash rejalashtirilmoqda. Tegishli normalar Adliya vazirligi tomonidan Jamoatchilik muhokamasi portalida e’lon qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Cheklov tijorat asosida amalga oshiriladigan tashuvlarga taalluqli bo‘lib, fuqarolarning shaxsiy safarlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Hujjatga ko‘ra, liniyaviy taksi xizmatida foydalaniladigan transport vositalarining ekspluatatsiya muddati 15 yildan oshmasligi kerak.
Qonun loyihasida, shuningdek, taksilar uchun yagona tanish belgilari joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Ularning shakli Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda. Yuridik shaxslar uchun maxsus seriyadagi davlat raqam belgilaridan foydalanish hamda avtomobil eshiklariga grafik belgilashlar tushirilishi nazarda tutilgan.
Taksi salonida yo‘lovchilar uchun qulay joyda tashuvchi, haydovchi, faoliyat yuritiladigan hudud, litsenziya va avtomobil ishlab chiqarilgan yili haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan taksi pasporti joylashtirilishi lozim. Bundan tashqari, avtomobillar naqdsiz to‘lovlarni qabul qilish vositalari, taksometr vazifasini bajaruvchi ilovalar bilan jihozlangan bo‘lishi hamda tashuvchining majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi bo‘yicha amaldagi shartnomaga ega bo‘lishi kerak.
Qonun qabul qilingan taqdirda, u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.


