O‘zbekistonda 2030 yilgacha ikki to‘liq islomiy bank tashkil etiladi

O‘zbekistonda 2030 yilgacha ikki to‘liq islomiy bank tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi taqdimotda O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini joriy etish bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi.

Taqdimotga ko‘ra, joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, 2026–2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikki bank tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar orqali keyingi besh yil ichida qo‘shimcha 1 milliard dollar investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Prezident ta’kidlashicha, O‘zbekistonda quyidagi islomiy moliya instrumentlari joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda:
  • Tovarni nasiyaga sotish orqali moliyalashtirish (murobaha);
  • Foydani taqsimlash sharti bilan moliyalashtirish yoki mablag‘larni jalb qilish (muzoraba);
  • Vakillik shartnomasi orqali mablag‘larni berish yoki jalb etish (vakala);
  • Tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish (salam va istisno);
  • Birgalikdagi faoliyat orqali moliyalashtirish (mushoraka);
  • Mol-mulkni islomiy ijaraga berish;
  • Qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlari.
Shuningdek:
  • Sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi;
  • Investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinadi;
  • Islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtiriladi.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shu bilan birga, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi, ular standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, islomiy banklar faoliyatini joriy etishga oid qonun joriy yil 5 fevral kuni Senatda ma’qullangan edi.
O‘zbekistonda 2030 yilgacha ikki to‘liq islomiy bank tashkil etiladi | 12news