O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajaga yetdi

O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajaga yetdi

O‘zbekistonda yoqilg‘i narxlari keskin oshishda davom etmoqda.

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) ma’lumotlariga ko‘ra, AI-92 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi narxlari aprel oyining boshidan beri sezilarli darajada ko‘tarilgan.
6-aprel kuni AI-92 benzini narxi yana 3,4 foizga oshib, bir tonnasi 13,46 million so‘mdan yuqori darajaga yetdi va yangi rekord qayd etildi. Oyning boshidan buyon benzinning umumiy qimmatlashuvi 5,7 foizdan oshib, narx qariyb 727 ming so‘mga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, sotuv hajmi ham oshib, 1146 tonnadan 1399 tonnagacha yetgan.
Mutaxassislar bu o‘sishni Rossiyaning benzin eksportiga qo‘ygan cheklovlari bilan izohlamoqda. Biroq Energetika vazirligi avvalroq bunday cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar asosida O‘zbekistonga yetkazib beriladigan yoqilg‘iga ta’sir qilmasligini bildirgan edi.
Dizel yoqilg‘isi narxi esa yanada tez sur’atda oshdi. Atigi ikki savdo kunida u 17,5 foizga qimmatlab, bir tonnasi 13,78 million so‘mdan 16,17 million so‘mgacha yetdi. Shu bilan birga, dizel savdosi keskin kamaygan: 2-apreldagi 12,4 ming tonnadan ortiq hajm 6-aprelga kelib 2,7 ming tonnagacha tushib ketgan.
Avvalroq Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida dizel narxining maksimal o‘sishini 5 foiz bilan cheklagan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekneftgaz o‘tgan yil kuzidan boshlab AI-92 benzini birja orqali sotishni boshlagan. Shu davrdan beri yoqilg‘i narxlari bosqichma-bosqich oshib bormoqda va hozir yana yangi rekord darajaga chiqdi.
O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajaga yetdi | 12news