O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilishi mumkin

O‘zbekistonda aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini yana oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hukumatning iqtisodiy bloki hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan energiya resurslari narxlarini oshirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra, elektr energiyasi va gaz tariflarini 9–10 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Avvalroq hukumat qarori bilan 2026-yildan boshlab energiya tariflarini har yili 1-maydan inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, biroq 10 foizdan oshirmasdan ko‘tarish mexanizmi joriy etilishi belgilangan edi. Shu bilan birga, 2024-yildagi qarorda tariflarni kamida uch yil davomida o‘zgarmas saqlash nazarda tutilgandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tariflarni qayta ko‘rib chiqish energiya resurslari taqchilligi va gaz ta’minotidagi cheklovlar bilan bog‘liq. Yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov ham bu borada hukumat bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
Agar taklif ma’qullansa, yangi tariflar tegishli hujjat imzolanganidan 15 kun o‘tib kuchga kirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, mart oyi yakunlariga ko‘ra mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 7,1 foizgacha sekinlashgan.